Tezda izlash

obuna1

UzInfoCom

Âàëþòà

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò





MEHMONXONA
SAN’AT — NOYOB IZHORNOMA
20.12.2008 14:29

Mohir murabbiy  Zuhra Olimjonovaning butun faoliyati O‘zbekiston davlat san’at instituti bilan bog‘liq. Dastavval u «Drama teatri va kino aktyori» bo‘limida o‘qidi. Ustozlari ko‘rsatgan har bir harakat, turli xil talaffuz usullarini chuqur o‘rganishga intildi. Ham aktyorlikdan, ham sahna nutqidan bilimlarni puxta egalladi. Oliy o‘quv yurtini tamomlagach, Qarshi shahridagi Mullato‘ychi Toshmuhammedov nomidagi viloyat teatrida bir muddat ishladi. So‘ngra o‘zi tahsil olgan institutga ishga kirdi. Butun umrini teatr san’ati bo‘yicha yetuk mutaxassislar tayyorlashga bag‘ishladi.

Uning mehnatlari, barkamol avlodni tarbiyalashga qo‘shgan hissasi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi unvoni bilan taqdirlangan.

— Zuhra opa, suhbatimizni gazetamizning an’anaviy savolidan boshlasak. Ilk qalam tutqazgan muallimingiz, qadrdon maktabingiz o‘qituvchilarini esga olib o‘tsangiz.

— 1944 yili Mirobod tumanidagi O‘zbekiston temir yo‘llariga qarashli 40-maktabning 1-sinfiga o‘qishga borganman. Menga ilk bor qalam tutqazgan muallima Osima Ismoilova edi. Istarasi issiq, ikki yuzi yaraqlab turadigan o‘qituvchim bizni har doim iliq tabassum bilan kutib olar, shoshmasdan dars boshlar, har birimizning harakatimizni zimdan kuzatar, xato yozsak, «Bolajonim, ozgina diqqatingni to‘plagin», derdi. Rus tili fanidan saboq beradigan Oysha Ibrohimova ham qalbi daryo, sabr-toqatli inson edi. Ona tili va adabiyot fanidan dars beradigan o‘qituvchimiz Mirjalil Karimov o‘ta madaniyatli inson sifatida xotiramizda qolgan. Chiroyli, ravon gapirishi bilan o‘quvchilarni o‘ziga mahliyo etar edi. Maktabdagi ustozlarimiz Asom Yunusov, A’zam G‘ulomov, Mirsiddiq Rahimov, Rimma Grigoreva, Akrom Karimov, Shodmon Mavlonov o‘qituvchilik kasbini ulug‘lashar, darslikdagi tushunchalarni o‘quvchilar ongiga turli xil usullar orqali yetkazishardi. Maktabimizda ta’lim olgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘lmas Umarbekov, O‘zbekiston san’at arbobi, operator Turdi Nodirov, adabiyotshunos olim Latif Mahmudovning el-yurtga tanilishida ustozlarning hissasi ulkan bo‘lganini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ayni paytda ustozlarimning san’at va adabiyotga bo‘lgan qiziqishimni qo‘llab-quvvatlaganini hali-hanuz mamnuniyat bilan eslab turaman.

— Sizda adabiyot va san’atga havas maktabda o‘qib yurgan kezlaringizda uyg‘ongan ekan-da?

— O‘quvchilik chog‘larimda adabiyot va san’atga mehrim bo‘lakcha edi. Havaskorlar to‘garagiga qatnab, she’rlar o‘qishni, qo‘shiq aytishni, raqs tushishni mashq qilardim. Tamaraxonim san’ati maftuni sifatida uning qo‘shiqlari, laparlarini o‘zimcha xirgoyi qilib yurib, keyinchalik tadbirlarda kuylay boshladim. Bir kuni maktab sahnasida musiqa o‘qituvchimiz rahbarligida «O‘lik malika va yetti bahodir» ertagidan parcha qo‘yildi. Unda men kichik bir rol ijro etdim. Bora-bora bunday intilishlarim shunchaki havas emasligini tushunib qoldim.

— Ustozlaringizdagi qanday fazilatlarni qadr­laysiz?

— Ustozlarimning bilimlari nihoyatda kuchli bo‘lishiga qaramay, o‘zlarini kamtar tutishar, kattayu kichikka bir xil munosabatda bo‘lishardi. Xususan, Sh.Mag‘zumovadan olijanoblik, kamtarlikni, yaratayotgan qahramoni obrazining haqiqiyligiga ishontirishni, har bir ijro me’yorda bo‘lishi lozimligini, L.Xo‘jaevadan sahna nutqi texnikasi ustida ishlash yo‘llarini, so‘z ustida ishlash sirlarini, N.Alievadan esa ijroda milliylikni, sahna nutqi me’yorlarini o‘rgandim. Bir so‘z bilan aytganda, ular bilimi, xulqi, yurish-turishi, axloqi, ma’naviyati, madaniyati bilan bizga o‘rnak bo‘lishganini, izlanuvchanligiyu mehnatsevarligi, burch va mas’uliyat tuyg‘usini chuqur his etishganini hozir ham o‘quvchilaru talabalarga ta’kidlab turaman.

— Talabalar bilan ko‘p ishlaysiz va xo‘p kuzatasiz. Ulardagi qaysi fazilatlar sizga ma’qul keladi. Umuman, yoshlarning bugungi kundagi sa’y-harakatlaridan ko‘nglingiz to‘ladimi?

— Yoshlar — kelajagimiz. Orzularimiz ro‘yobini ularda ko‘rishni istaymiz. Shu ma’noda, bugungi talabalarning erkin fikrlashi, zamonaviy texnikalarni tez o‘zlashtirishi, irodasi mustahkamligi, tashabbuskorligi, intiluvchanligi, ishonchni ulug‘ izzat, yuksak mas’uliyat deb bilishlari menda katta umid uyg‘otadi va buni chuqur qadrlayman. Har bir oliy o‘quv yurtining o‘ziga xos yo‘nalishi, talablari, vazifalari mavjud. Institutimizdagi jarayon ijod bilan bog‘liq bo‘lgani uchun yoshlarimiz tomonidan erishilayotgan natijalarga asoslanib xulosa qilamiz. Talabalar yoqlayotgan kurs ishlari, diplom mavzulari asosida sahnalashtirayotgan spektakllari ko‘zni quvontiradi. Eng asosiysi, yoshlar juda faol. Zero, faollik, sa’y-harakat bor joyda yangiliklar, muvaffaqiyatlar ko‘p bo‘ladi.

— Fikrni og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash, qiroat bilan o‘qish — inson ziynati. Siz faoliyat yuritayotgan kafedrada bu yo‘nalishdagi ishlar qay yo‘sinda olib borilyapti?

— Fikrni og‘zaki me’yoriga yetkazib ifodalash ham o‘ziga xos san’at. Kamina faoliyat yuritayotgan «Sahna nutqi va notiqlik san’ati» kafedrasi jamoasi ana shu san’at rivoji yo‘lida baholi qudrat mehnat qilishyapti. Dars va  mashg‘ulotlarni yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda o‘tishmoqda. Bo‘lajak aktyorlar nutqini o‘stirish borasida tinmay izlanishlar olib borishayotir.

So‘z ziynatiga erishishda she’r ta’limi va talqini asosiy manba hisoblanadi. Chunonchi, talabani so‘z orqali fikrlashga o‘rgatish, uning so‘zi va xatti-harakati uyg‘unligiga erishishiga asosiy e’tibor qaratiladi. Sharqning buyuk mutafakkiri Kaykovus o‘zining «Qobusnoma» asarida insonning nutq madaniyatini egallashi haqida to‘xtalib, shunday deydi: «... xalq oldida gapirganda so‘zing go‘zal bo‘lsin, bu so‘zni xalq qabul qilsin. Xaloyiq sening so‘z bilan baland darajaga erishganingni bilsin, chunki kishining martabasini so‘z orqali biladilar». Biz tayyorlayotgan mutaxassislarning kamolida so‘z aytish mas’u­liyati nihoyatda ulkan. Shu ma’noda,  Isoqtoy Jumanov (kafedramiz mudiri), Mahkam Isroilov, Ahmadjon To‘laganov, Bashorat Bobonazarova, O‘ktam Nurmuhamedova, Xotira Juldikaraeva, Go‘zal Xoliqulova, Sodiqjon Nosirov, Anvar Qurbonov (yosh tadqiqotchi) va boshqa ustoz-murabbiylar notiqlik san’atining sir-asrorlarini, shuningdek, ona tilimizning jozibasini har bir talabaning qalbiga singdirishni o‘zining muqaddas burchi deb biladilar.

 — Buyuk notiqlar o‘zlarining nutq madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida astoydil ter to‘kib mashq qilishar ekan, kezi kelganda mashhur notiqlar hayotidan mushtariylarga ibrat bo‘ladigan misollarni keltirib o‘tsangiz.

 — Notiqlik san’ati tarixiga nazar tashlansa, nutq mahoratining eng asosiy omillari — notiqning bilim doirasi, doimiy tarzda izlanishi, o‘z mahoratini oshirishi bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ladi. Aslida mashhur notiq bo‘lish oson ish emas. U anchagina mashaqqatli mehnatni talab etadi. Sotimxon Inomxo‘jaev «Notiqlik san’ati asoslari» kitobida buyuk notiqlar hayotidan bir talay misol keltirib, xususan, yunonistonlik Demosfenning yirik notiq bo‘lib yetishish omillarini sanab o‘tadi. Masalan, nutq texnikasi asoslarini egallash uchun Demosfen o‘ziga yerto‘la qaziydi. Ana shu yerga kirib ovozini rivojlantirish va aktyorlarcha deklamatsiya qilish ustida mashq boshlaydi. Bir mashq boshlaganda ikki-uch oylab ana shu yerto‘lada qolib ketadi. U o‘z yerto‘lasida ovoz, tashqi ifoda vositalarini — qo‘l harakati, jussa harakati, qomatni tutish va hokazo usullarni egallash bilan shug‘ullanadi. Ovozini rivojlantirish va ovoz paylarini chiniqtirish uchun esa, baland-past tepaliklarga yugurib chiqib, yugurib tushib nafasini ushlab turgan holda she’rlar deklamatsiya qilgan. Bu mashqlar orqali u nutq davrlari orasida nafas olib qo‘ymaslik va bir nafasda kuchli ovoz bilan burro-burro gapira olish san’atini egallagan.

Qaddi-qomatini tutishni mashq qilish uchun esa o‘z uyidagi katta toshoynadan foydalangan. Toshoyna oldiga turib olib, qo‘l harakatlarini muvofiqlashtirgan, qomat holatlarini turli ifodali ko‘yga solgan holda she’rlar, nutq matnlarini o‘qigan, monologlar ijro etgan. Demosfenning bir nuqsoni bo‘lgan: u gapirayotganda bir yelkasini hadeb ko‘taravergan. Bu hol, bir tomondan, notiq salobatini tushirsa, ikkinchi tomondan, tinglovchilarning g‘ashini keltirib, nutqiga putur yetkazgan. Bu nuqsonni bartaraf etish uchun Demosfen  yana o‘z yerto‘lasidan foydalanadi.  U yerto‘laning shiftiga uchi o‘tkir xanjarni osib qo‘yib, o‘rinsiz ko‘tariluvchi yelkasini shu xanjarning uchi ostiga to‘g‘rilab turib, mashqlarni davom ettirgan. Agar yelkasi sal bejo qimirlasa, xanjarning o‘tkir tig‘iga duch kelgan va ana shu yo‘l bilan bo‘lajak notiq o‘zining bu nuqsonidan ham xalos bo‘lgan. Nihoyat u Neoptolem ismli mashhur aktyorga 10 ming drahm to‘lab,  bir nafasda ko‘p so‘z aytish, nafasni mustahkamlash, nafas va ovoz, ovoz va matn mutanosibligini saqlash, nutqiy davrlar yaxlitligini tanlash san’atidan maxsus dars oladi.

Nutqning mazmunini chuqur idrok etgan har bir notiq yutuq kalitini qo‘lga kiritdim, deb bemalol aytishi mumkin. Shu ma’noda, Tursunoy Sodiqovani hozirgi zamon notiqlari sirasiga kiritsa bo‘ladi. O‘zbekiston Qahramoni, Xalq yozuvchisi Said Ahmad Tursunoy Sodiqova haqida shunday fikr bildiradi: «Aytar so‘zni bilib aytadi. Yurakka borib yetadigan qilib aytadi. Bilmadim, bu shoiramiz ko‘zida jodu bormi, mingdan ortiq odamni sehrlab qo‘yadi. Nutq so‘zlaganda anjuman jim bo‘lib, chin yurakdan eshitib, pashsha uchsa ham eshitiladigan sokinlik hukm suradi. Aytayotgan fikrlari har bir eshituvchining yuragini hayajonga soladi». Albatta, buning zaminida ham kechayu kunduz izlanish, tinimsiz mashq yotadi.

— Farzandga yaxshi tarbiya bersak, nur ustiga nur. Ammo bugungi hayotimizda buning uddasidan chiqish qiyin bo‘lgan holatlar ham uchrayapti. Sizning-cha, farzand tarbiyasida, avvalo, nimalarga amal qilishimiz joiz bo‘ladi?

— Aslida tarbiya — ko‘p qirrali, murakkab jarayon. Bunda mashhur allomalarning pand-nasihatlari, ota-bobolarimizning o‘gitlaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning­dek, tarbiyada ota-onaning yurish-turishlari, shaxsiy ibrati muhim o‘rin tutadi. Chunki bolada sinchkovlik xususiyati ustun bo‘ladi, ko‘rganlarini yodida saqlab qoladi. U ko‘proq taqlid ham qiladi. Bolaga  to‘g‘ri tarbiya berish, uni mehnatga o‘rgatish, mumtoz adabiyotga, kasb-hunarga qiziqtirish kutilgan natijani beradi, bola to‘g‘ri yo‘lni topadi. Ularni tasviriy san’at, musiqa, teatr san’atining eng sara durdonalaridan xabardor qilish ham farzandda olijanob tuyg‘ularni tarbiyalaydi.

Ulug‘ mutafakkirlar san’atni gavharga qiyoslaydi. San’at gavhar bo‘lishi bilan birga noyob izhornoma hamdir. U insonlarni ezgulikka chorlabgina qolmay, yaxshiliklar qilishga undaydi, kishilarda yaxshi tuyg‘ular uyg‘otadi, o‘g‘il-qizlarning chin insoniy fazilatlar sohibiga aylanishiga ulkan hissa qo‘shadi.

— Xalqimiz farzandini ko‘zimning nuri, jonu jahonim, chirog‘imni yoqguvchim deb qadrlaydi. Ba’zan ular «Farzandimni yomon muhit buzib qo‘yishi mumkin-da», deya xavotirlanib qo‘yishadi. Sizning-cha, muhitga ko‘p narsa bog‘liqmi?

— Hamisha farzandlarimning, hattoki, talabalarimning  nima ish bilan band bo‘layotgani, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotgani, kimlar bilan do‘stlashgani, nimalar bilan shug‘ullanayotgani bilan qiziqaman. Ular bilan hayotiy mavzularda suhbatlar o‘tkazaman. Xatti-harakatlarini hushyorlik bilan kuzataman.  Baribir farzandga muhit o‘z ta’sirini ko‘rsatadi-da, shu ma’noda  ularga xalqimizning «Qozonga yaqinlashsang, qorasi yuqar, yomonga yaqinlashsang, balosi yuqar» maqolini bot-bot takrorlab turaman.

— Amal qiladigan shioringiz va maqolingiz?

— Insonlardagi samimiylik fazilatini qadrlayman. «Vaqting ketdi — naqding ketdi!», «Yaxshi naql — tomiri aql», «Dilni dilga til qovushtiradi», «Dard­sizga dardingni aytma» kabi hikmatlarga amal qilaman.

— Tilak va istaklaringiz.

—            Ustozlarimiz sho­gird­larini zukko, bilimdon, qalblarini san’atga oshufta qilib tarbiyalasin. Chunki san’atga oshno o‘g‘il-qizlar ezgu qalb egasi bo‘lib voyaga yetadi. Yurtimizda hamisha tinchlik bardavom bo‘lsin, yurtdoshlarimiz o‘zaro totuv yashasinlar, bir-birlariga mehr-oqibatli bo‘lishsin. Mehr-oqibatli elda esa ezguliklar, yaxshiliklar bardavom bo‘lishi muqarrardir.

Qurbonboy MATQURBONOV suhbatlashdi.

2560 marta o`qilgan