Tezda izlash

obuna1

UzInfoCom

Âŕëţňŕ

GISMETEO.RU: ďîăîäŕ â ă. Ňŕřęĺíň





TA’LIM
TUMAN OLIMPIADASIDAN JAHON OLIMPIADASIGA
12.07.2008 11:10

Bu yo‘lni bosib o‘tish uchun Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi 20-ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘qituvchisi Habiba Qoraevaga 17 yil kerak bo‘ldi.

Ha, o‘n yetti yil... Bir o‘g‘il chaqaloqning o‘sib, ul­g‘ayib, barvasta, ko‘rkam yigitga, jajji qizaloqning esa ko‘plar havas qiladigan lobar va barno qizga aylanishi uchun ketadigan vaqt. Onajon diyorimizda ulug‘ Istiqlolning hayotbaxsh nasimlari kezib yurgan bu yillar davomida tabiatning to‘rt fasli bir-biri bilan 68 marta o‘rin almashdi.

1990 yilda ToshDU(hozirgi O‘zMU)ning kimyo fakultetini muvaffaqiyatli tugatib, Peshku tumanidagi al-Xorazmiy nomidagi maktabda pedagoglik faoliya­tini boshlagan Habiba Qoraevaning o‘quvchisi ilk bor 1991 yilda tuman olimpia­dasida faxrli o‘rin olib qaytdi. Kimlar uchundir arzimas bo‘lib tuyulgan bu kichik muvaffaqiyat uning qalbiga bir olam quvonch baxsh etdi. Chunki bu yosh muallimaning ilm o‘rgatish yo‘lidagi serzahmat mehnatining ilk samarasi edi.

— O‘sha yili erishgan kichik muvaffaqiyatim meni nihoyatda ruhlantirdi, — deydi muallima. — Endigi marra — viloyat olimpiadasiga chiqish uchun qizg‘in tayyorgarlikni boshladik. O‘quvchimning fanni yanada puxta o‘zlashtirishi uchun dars soatlari kamlik qilardi. Ko‘pincha saboqlardan  so‘ng ishlardik. 1994 yilda fan olimpiadasining viloyat bosqichida qatnashdik, ammo o‘rin ololmadik. Ana shundan so‘ng tayyorgarlikni yanada kuchaytirdim. Kimyoga oid kitob­lar, jurnallardagi qo‘shimcha manbalar bilan chuqur tanisha boshladim. O‘zim egallagan bilimlarni o‘quvchilarimga ham o‘rgatardim. Nihoyat, 1995 yilda sobiq o‘quvchilarimdan Feruza Tursunova viloyat olim­piadasida 3-o‘rin, 1998 yilda esa Nilufar Murodova 9-sinf­lar o‘rtasida 2-o‘rin sohibi bo‘ldi.

Shunda muallima maktab das­turidagi kitoblar barcha bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, olimpiadaga qatnashuvchi o‘quvchilarga esa oliy o‘quv yurti talabalari darajasida nazariy va amaliy bilim, ko‘nikmalarni chuqur singdirish kerakligini anglab yetdi. Shu yillar davomida Habiba qo‘shimcha adabiyotlardan, internet orqali jahon olim­piadasi masalalarini topib, yechishga kirishdi. Shuningdek, umumiy kimyo, anorganik kimyo, fizika-kimyo, fizkalloidkimyo, polimerlar kimyosi, biokimyo, animatik kimyoga oid qo‘shimcha adabiyotlarni o‘qib, o‘zlashtirdi. Albatta, bu oson kechmadi. Har kuni darslar, iqtidorli o‘quvchilar bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar olib borish, olimpiadachilarni alohida tayyorlash, xullas, qosh qorayguncha maktabda.  Yana uzun tunlar qo‘shimcha materiallar ustida ishlash. Buning ustiga oila, ro‘zg‘or tashvishi. To‘rt farzandni voyaga yetkazish...

— Nihoyatda mashaqqatli, ammo unutilmas, meni toblagan, hayotimda tub burilish yasagan kunlar edi ular, — deydi H.Qoraeva o‘tgan kunlarni eslab, xayolga cho‘markan. — Ba’zida kitoblar mutolaasi bilan tong­ni ottirasan, ammo miyang toliqmaydi, ko‘zlaring uyqusizlikdan tosh bosmaydi. Chunki ana shu bedor, sokin tunlar bag‘ridan izlaganingni, istaganingni topayapsan. Ertasi kun o‘ktam qadamlar bilan ilm­ga tashna qalblarga yangi o‘qib-o‘rganganla­ring­ni ulashish uchun yana jonajon dargohingga shoshilasan.

Erta tongda atrofni qoplagan qalin tumanni endigina yotog‘idan bosh ko‘targan quyosh nurlari bir zumda mumdek eritganini kuzatganmisiz? Alpinist­ning ming bir azobu mashaqqatlar bilan ko‘zlagan cho‘qqisini zabt etgandagi holatini-chi? Muallima hayotida ham ana shunday holatlar mujassam edi. Ilm cho‘qqilarini zabt etish yo‘lidagi charchoqlar pisand emas edi unga. Chunki ko‘zlagan cho‘qqiga yurakdan intilish tuyg‘usi mavj urardi. Qalb quyoshi esa xolis niyating, maqsading yo‘lidagi har qanday g‘ovni olib tashlashga qodir.

Bilim olish va berish yo‘lida chekilgan mashaqqatli mehnatlar asta-sekin o‘zining shirin mevalarini bera boshladi. 2001 — 2002 o‘quv yilida “Yozgi iqtidor — 2002” respublika saralash olmpiadasida o‘quvchilari Anvar Sariev 1-o‘rinni, Ma’ruf Atoqov esa 2-o‘rinni egallashdi.

2003 yildagi respublika olimpia­dasida Anvar Sariev 3-o‘rinni egallab, test sinovlarisiz Toshkent Tibbiyot akade­miyaga talabalikka qabul qilindi. 2008 yilda esa barcha olimpiada bosqichlari mardonavor bosib o‘tilib, 11-sinf o‘quvchisi Muhriddin Shahriev 42-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida faol qatnashib, bronza medali bilan qaytdi.

Bir qaraganda kimlardir “Ha, nima bo‘libdi, o‘quvchisi respublika, jahon olimpiadasida qatnashib, g‘oliblikka erishib, bronza medali olibdi-da”, deyishi mumkin. Albatta, ilmning yuzidagina yurib, o‘ziga ham, o‘quvchilariga ham o‘z fanidan darslikdan tashqari, hatto misqoldek bilim bera olmaydigan, ilmning sar­hadsiz kengliklarida suzish nari tursin, o‘z huzur-halovatidan kechib, uning qirg‘og‘iga ham borishga yuragi betlamaydigan, fikrlari keraksiz, mayda-chuydalar bilan to‘lgan, bilim va dunyoqarashi sayoz muallimlargina shu taxlit mulohaza yuritishi mumkin.

O‘qituvchilik kasbining mashaqqatlarini boshidan kechirgan, kasbi hayotining mazmuniga aylangan, dam olish kunlariyu to‘y-hashamlardan voz kechib, o‘quvchilarini oliy o‘quv yurtlariga tayyorlayotgan, yoshlar kelajagining nurli bo‘lishiga o‘z ulushini qo‘shayotgan o‘qituvchi esa havas bilan: “Eh, olis bir tumanda yashab, nozik yelkalarida oila yuki bilan ilm-odob o‘rgatuvchi muallim degan og‘ir yukni ko‘tarib, faoliyatining ilk yilidan hozirgacha tinmay izlangan, yo‘llaridagi to‘siqni ayollik bardoshi bilan yengib, shunday muvaffaqiyatlarga erishgan bu muallimga ming-ming tasanno-ey” deydi, albatta. Mening ham havasim keldi unga. Chunki u faqat olimpiadalarga o‘z o‘quvchilarini tayyorlayotgani yo‘q. Jondor tumanidagi boshqa maktablarda ta’lim olish barobarida Habiba Qoraevadan kimyo fanining sir-asrorlarini o‘rganib, respublikamizdagi tibbiyot, farmatsevtika oliy o‘quv yurt­larida, universitet hamda institutlarning kimyo fakultetlarida o‘qiyotgan, tugatib, ­xalqimiz koriga yarayotgan shogirdlarining soni ham necha yuzlab.

Xo‘sh, muallima o‘z faoliyatini qanday tashkil etgan, havas qilsa, arziydigan muvaffaqiyatlarga qanday erish­yapti?

OLIS YO‘L SABOQLARI

— O‘qituvchining bilim berishi yo‘lidagi eng muvaffaqiyatli quroli nima? — degan savolimga Habiba:

— Albatta, kuchli bilim. Uni avvalo o‘qituvchining o‘zi puxta egallashi, ke­yin esa o‘quvchisiga sodda, zeriktirmaydigan yo‘l topib, yetkazishi kerak, — deya javob berdi.

Habibaning uy kutubxonasidagi kitoblariga birma-bir razm soldim:

G.A.Muftaxov, “Organik kimyodagi olimpiada masalalari va ularning yechimlari”.

“Polskie ximichiskie olimpiadű” (Sbornik zadach).

Yu.M.Yeroxin, V.I.Frolov, “Sbornik zadach i uprajneniy po ximii s didakticheskim materialom”. “Ximiya XXI veka”. (V zadachax mejdunarodnűx Mendeleevskix olimpiadű). G.P.Xomchenko, “Masalalar va ularning yechimlari”. P.Budrudjak, “Zadachi po ximii”. R.A.Shoymardonov, B.X.Ibotov, “Organik kimyodan ko‘p bosqichli sintezlar va aralashmalarga oid masalalar yechish”...

Kutubxonadagi kitoblarning ko‘pligi, ularning barchasini nomma-nom keltirishning iloji yo‘qligi bois ko‘p nuqta qo‘ydim.

— Qo‘shimcha darsliklardan qanday foydalanasiz, ular o‘quvchilaringizga qiyinchilik tug‘dirmaydimi? — deya so‘rayman muallimaga yuzlanib.

— Yo‘q, darslarimda ulardan qisman, soddaroq qilib foydalanaman. Chunki barcha iqtidorli bolalarning ham bilimlarni qabul qilish darajasi bir xil emas. Shuning uchun ko‘proq individual ish olib borishga to‘g‘ri keladi. Masalan, bugun qo‘shimcha besh soat dars o‘tmoqchi bo‘lsam, dastlab ma’ruza qilaman, masala, misollarning turli yechilish yo‘llarini, murakkab testlar jumboqlarini tushuntiraman. Qolgan to‘rt soatida esa o‘quvchilarim faol bo‘lishadi. Ularning salohiyatini hisobga olib, mustaqil ishlar berib, natijalarini kuzatib boraman. Stol ustida esa tayyorlanayotgan mavzuimizga oid turli qo‘shimcha adabiyotlar turadi. O‘quvchilar o‘zi istagan adabiyotni olib ishlaydi. Mashg‘ulotlar orasida kashfiyotchi kimyo olimlari, ularning fanga fidoyiligi haqidagi voqealardan hikoya qilib beraman. Bular o‘quvchilarni ilm o‘rganishda irodali, fidoyi, sabr-toqatli bo‘lishga undaydi.

— Iqtidorli, olimpiadaga tayyorlanuvchi o‘quvchilar bilan bir kunda necha soat dars tayyorlaysizlar?

— Bu borada soatning kam yoki ko‘pligi emas, uning salmog‘i, natijasi katta rol o‘ynaydi. Ba’zi o‘qituvchilar “uzzu-kun dars qildik”, deyishadi. Bu xato. Axir o‘quvchining ham qabul qilishi chegaralangan. Bir kunda 4-5 soat, ko‘proq bo‘lsa, 6 soat yetarli. Dars­larni qaysi paytlarda tayyorlash ham muhim. Masalan, yozning issiq kunlarida ertalab 6 dan 9-9:30 gacha, kech­qurun 5-6 lardan 8-9 largacha tayyorlanish mumkin.

O‘quvchiga nimalarnidir aytmasdan jumboq qilish, qo‘shimcha adabiyotlardan topishga da’vat etish yoki “Sen ham men aytganlarimga qo‘shimcha 20-30 foiz yangilik topishga intil”, deya undash ham yaxshi natija beradi.

OLIMPIADA — BILIMLILAR KURAShI

Haqiqatan ham, olimpiada — bilimi kuchlilar maydoni. Axir dono xalqimiz “Bilagi zo‘r birni, bilimi zo‘r mingni yiqadi”, deya bejiz aytmagan.  Qahramonimiz ham ana shunday kurashlarda o‘z bilimini tobladi. Ba’zan yiqilganda yana qayta qad rost­ladi. Qad rostlaganda ham avvalgisidan-da kuchliroq bilimlar bilan qurollandi. Bu kurashda irodali, sobitqadam bo‘lib, o‘z haq-huquqlarini himoya qilishni shogirdlariga ham o‘rgatdi. Har qanday qiyin sharoitda sho­gird­lari bilimini yuzaga chiqarishga astoydil harakat qildi. Shu o‘rinda Habiba viloyat olimpiadalarining birida yuz bergan voqeani eslaydi: O‘shanda o‘quvchisining yozma ishiga past baho qo‘yishdi. Ammo muallima o‘quvchisining past baho olmasligiga qattiq ishonardi. Shuning uchun apellyatsiya komissiyasiga ariza yozib, yozma ishni yechim daftari bilan solishtirdi. Hammasini to‘g‘ri yechibdi. Nima qilish kerak? Oxirigacha kurashish natija berarmikin? Buning ustiga vaqt ham tungi soat 12 ga borayapti. Asosiy mutasaddilar, hay’at raisi ketib qolishgan. Qat’iy qarorga keldi. Hay’at raisining manzilini olib, mashinasida kutib turgan turmush o‘rtog‘i yoniga keldi, vaziyatni tushuntirdi...

Kerakli manzilni topib, darvoza qo‘ng‘irog‘ini bosarkan, uning fikrini “bemahalda domla qanday qabul qilarkin, o‘zi chiqarmikan, “bu yer ishxona emas-ku” deya e’tiroz bildirmasmikin”, degan o‘ylar egalladi...

Yo‘qlov sababini eshitgan domla o‘quvchi daftaridagi misol va masalalarga bir-bir qarab chiqqach, muallima yana o‘zi gap boshladi:

— Domla, avvalo bemahalda sizni bezovta qilganimiz uchun uzr so‘rayman. Men o‘rin da’vo qilib kelganim yo‘q. “Shu o‘quvchi to‘g‘ri ishlabdi, bahoni qo‘yishdagi  xatolik bizdan o‘tibdi”, deb yozib bering. O‘quvchimning shashti sinmasin, haqiqatga bo‘lgan ishonchi yo‘qolmasin.

Domla xijolat tortib:

— Nega, unday deysiz. Avvalambor bizlar uzr so‘rashimiz kerak. Xatolik shogird­lardan o‘tibdi. Ertaga barchasini joy-joyiga qo‘yamiz. Bugun esa dam olinglar, — dedi.

Ertasi kuni haqiqat qaror topdi. O‘quvchisi Sarvinozga 2-o‘rinni berishdi.

Ha, Habiba o‘shanda “E, bor-ey”, deb o‘z huzur-halovatini o‘ylaganida, kurashni oxirigacha yetkazmaganida o‘quvchisi oliy o‘quv yurtiga eng yuqori ball bilan kira olmasmidi, o‘ziga, qolaversa, haqiqat, adolatga bo‘lgan ishonchi so‘narmidi?

Muallima hayotida bunday to‘qnashuvlar, hayajonli daqiqalar ko‘p bo‘lgan.

2002 yil mart oyida Toshkent shahrida o‘quvchilarning xalqaro olimpiadasidagi saralash bosqichida muallimaning sobiq o‘quvchisi Anvar Sariev ham 5-o‘rinni olib, oltilik safiga kirdi. Ular 10 kun davomida Jizzaxning Forish tumani Osmonsoy qishlog‘idagi  oromgohda “Yozgi olimpiada — 2002”ga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishdi. O‘quvchilarga akademiklar, olimu professorlar mashg‘ulotlar o‘tishdi. Nihoyat, olimpiada kuni yetib keldi. Buni qarangki, Anvar Sarievning ballari respublika olimpiadasida 1-o‘rinni egallagan o‘quvchining bali bilan teng kelib qoldi.

“Bo‘lishi mumkin emas, axir bu o‘quvchi – respublika olimpiadasida 1-o‘rin sohibi bo‘lgan” deguvchilar ham bo‘ldi. Tortishuv, bahslar boshlanib ketdi. Shundan so‘ng domlalar o‘zaro kelishib, ikkala o‘quvchini qayta imtihon qilishdi. Imtihon olinayotgan bino bilan muallimlar kutib turgan joy o‘rtasidan katta soy oqib turibdi. Ikki o‘quvchining ham ustozi shu soydan nariga o‘tmasliklariga, xalaqit bermasliklariga kelishib olindi. Ko‘zlar soat millariga tikilgan, go‘yo ular to‘xtab qolayotgandek imillaydi.

Bir payt bino tomondan ikkala o‘quvchi ko‘rindi. Anvar yerga qarab, bamaylixotir kelayapti, yonidagi raqibi (albatta, bellashuvda shunday ataladi) esa xursand, bir nimalarni gapirib berayapti... Ularning uzoqdagi holatini ko‘rgan Habibaning ­xayolidan bir zumda “Demak, Anvar g‘olib bo‘lolmagan” degan fikr o‘tdi... Yaqinlashib qolgan Anvardan “Nima bo‘ldi?” deb so‘rarkan, go‘yo ovozining yarmi ichida qolgandek tuyuldi o‘ziga.

— Hech narsa bo‘lgani yo‘q, — dedi Anvar o‘qituvchisiga yuzlanib. — Bir xil masala-misollar berishdi, yechdik, bir-birimizning daftarimizga imzo qo‘ydirib olishdi. Bir ozdan so‘ng natijani e’lon qilisharkan.

“Xayriyat!” yuragidagi hozirgina so‘nggi yaproqdek uzilayozgan umidi qayta jonlangandek bo‘ldi. Axir, Habiba o‘quvchisiga, unga bergan bilimiga ishonardi. Uzun tunlarni oppoq tonglarga ulab, dars tayyorlagan kunlari — mashaqqatlar so‘ngida bittagina nurli chiroq — g‘olib bo‘lish ishonchi ularni olg‘a boshlardi...

Yana haqiqat qaror topdi. Bir necha soniya­dan so‘ng Anvarning g‘olib bo‘lganini e’lon qilishdi...

O‘Qituvchining QO‘sh Qanoti

Muallimning o‘zidagi barcha imkoniyatlarni ishga solib, samarali ishlashga undovchi qo‘sh qanoti bo‘ladi. Bu uning iroda va matonatidir. Habiba bilan yelkama-elka turib, bolalarning fan sirlarini puxta egallashlari yo‘lida o‘z huzur-halovatlaridan kechib, yozning jazirama issig‘i-yu qishning ayozli kunlarida tinim bilmay ishlayot­gan hamkasblari: ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Zamira Davlatova, ingliz tili o‘qituvchisi Erkinoy Hamdamova ham kasbdoshlarining ana shu xislatlarini namoyon etuvchi bir nechta voqeani aytib berishdi...

Bir gal  sabog‘i Habibaning darsidan keyin qo‘yilgan Zamiraxon qo‘ng‘iroq chalingandan so‘ng ham bir necha soniya eshik ortida kutib turdi... O‘quvchilari ko‘p, ulgura olarmikin... Sabri chidamadi. Sekin eshikni ochib, orqa partaga borib o‘tirdi. O‘qituvchidan tortib butun sinf o‘quvchilari shu qadar mashg‘ulotga berilib ketgan edilarki, uning kirganini hech kim sezmadi. Ular bir masala yechimi ustida izlanishayotgan ekan, nihoyat topishdi. Toqati toq bo‘lgan Zamiraxon:

— Eh, bitta masalaning javobi ustida yarim soat izlansangizlar. Axir  shu vaqt ichida men 2-3 ta mavzuni o‘tib bo‘lardim, — dedi yarim hazil bilan.

— To‘g‘ri, — dedi kasbdoshining qanday kirib qolganidan taajjublangan Habiba. — Ammo erinchoqlik qilib, izlanmay tashlab ketsak, testda aynan shu masala tushsa-chi, axir bir ball, yarim ball ham muhim rol o‘ynaydi-ku...

Biroq shu payt kasbdoshining dars soa­tini olganini, qo‘ng‘iroq allaqachon chalinganini his etdi-yu, o‘ktam tovush o‘rnini aybdorlik hissi egalladi.

 — Uzr, opajon. Bizni ogohlantirmabsiz ham, — dedi xijolatomuz.

Bu yil qish nihoyatda sovuq keldi. Ammo ana shu ayozli kunlarda ham bu uch o‘qituvchida tinim yo‘q. Tuman markazidagi yoshlar ijodiyot uyida o‘quvchilarga qo‘shimcha dars­lar o‘tishni taklif qilishgandi, yo‘q, deyi­sha olmadi. Sovuqning shiddati ko‘tarilib ketdi. Buning ustiga oyoq osti muzlagan, ozgina muvozanatingiz o‘zgarib, qadamingiz noto‘g‘ri tushsa, yiqilib, bir joyingiz lat yeyishi hech gap emas. Uchala ayol ehtiyot bo‘lib, sekin qadam tashlab ketish­yapti. Yo‘l atrofidagi xonadondagilar allaqachon ovqatlanib, televizor ko‘rib, dam olayotganliklari chiroqlar yorug‘ida ko‘rinib turibdi.

— Eh, kasbimiz ham bor bo‘lsin. O‘quvchilarimiz-ku, allaqachon uy-uylariga kirib ketishdi. Biz hali qachon boramizu qachon dam olamiz. Yana ertangi darslarimizga tayyorlanishimiz, yozma ishlarni tekshirishimiz ham kerak. Bizlarga zarur kelibdimi, — dedi Zamiraxon ma’yus tortib. Hech kim churq etmadi. Nihoyat, bu jimlikni Habibaning e’tirozli ovozi buzdi:

— To‘g‘ri, opajon, kasbimiz nihoyatda mashaqqatli. Lekin savobli kasb. Axir hadislarda Olloh bir kechalik ilm bilan mashg‘ul bo‘lganlik uchun yetmish yillik toat-ibodat ajrini berishi, bekorga aytilmagan-ku. Navoiy bobomiz:

Hunarni asrabon netgumdir oxir,

Olib tufroqqamu ketgumdur oxir,

deydi. Axir ana shu bilimlarni kechalarni tonglarga ulab, ne-ne mashaqqatlar bilan o‘rgandik. Endi esa o‘rganishni istaganlarga har qanday sharoitda o‘rgatishimiz ham farz, ham qarz. Qolaversa, u shunday bebaho boylikki, uni qanchalar ulashaversangiz, tugamaydi. Aksincha, millionlab qalblarda qayta unib, ma’rifatli bolalarni ko‘paytiradi.

Habibaning bu gapi hamrohlarining kuchiga kuch qo‘shdi. Hozirgina bosib o‘tilishi malol bo‘lib tuyulgan manzil bir zumda yengil bosib o‘tildi...

— Habiba Qoraeva zahmatkash muallima bo‘lish bilan birga jonkuyar oila bekasi, — deydi hamkasbi Erkinoy Hamdamova.
— Uning havas qilsa arziydigan oilasi, bilimdonlik va lobarlikda o‘zidan-da qolishmaydigan to‘rt nafar qizi bor. U shogirdlari kabi farzandlarini ham bilim cho‘qqilarini egallashga undaydi. Shu bois  farzandlari a’lo baholarga o‘qiydi. Katta qizi Toshkent farmatsevtika ins­titutida tahsil olyapti. Ikkinchisi — Mahbubadagi fanga intilishni ko‘rib, to‘g‘risi, havasim keldi. Uni ingliz tilidan fan olimpiadasiga tayyorlay boshladim. Tirishqoqligi bois barcha topshiriqlarimni kam-ko‘stsiz bajarib kelardi. Internatimizdagi «Kichik ilmiy akade­miya»da o‘zining ma’ruzalari, ilmiy ishlari bilan faol qatnashadi. Maslahatlarim bilan ing­liz tilidagi qissa, romanlarni o‘qib bordi, internet orqali chet ellik teng­doshlari yozgan ilmiy ishlarni ham o‘qib, o‘rganib turdi. Intilishlarimiz besamar ketmadi. Mahbuba bu yil respublika olimpiadasida 87 ball bilan 1-o‘rin sohibi bo‘ldi.

Ha, bu yil Habibaning hayotida unutilmas yil bo‘lib qoladi. Qizining, qolaversa, barcha shogirdlarining erishayotgan yutuqlari uni kelgusida — bir-biri bilan o‘rin almashib, uzluksiz harakatda bo‘lishga, yillar davomida yanada ko‘proq, yanada samaraliroq ishlashga undaydi. Chunki Habibaning qalbida ona tabiatdan olingan, ona suti bilan kirgan — doimo uzluksiz harakatda bo‘lish tuyg‘usi jo‘sh urib turibdi. Kelajagimiz davomchilari bo‘lmish yoshlar qalbiga ma’rifat urug‘ini sochib, undirib-o‘stirishdek serzahmat harakat sizni aslo tark etmasin, aziz muallima!

Sora TOSHEVA,

“Ma’rifat”ning maxsus muxbiri
1192 marta o`qilgan